Muallima.uz

Muallima.uz

TELEGRAM

Rasmiy kanal

“Maktabga adashib kelib qolgan insonlarga internetda xayp ko‘tarmasdan, sekin boshqa joydan ish topishni maslahat beramiz” — Sherzod Shermatov

Ta’lim sifati past maktablar jamoasi natijaga ishlash uchun bor imkoniyatini safarbar etishlari zarur, aks holda bu ishni boshqa jamoa amalga oshiradi. Bu haqda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov telegram kanalida yozib qoldirgan. Vazir “maktabga adashib kelib qolgan insonlarga internetda xayp ko‘tarmasdan sekin boshqa joydan ish topish”ni maslahat bergan.

Uning aytishicha, ta’lim sifati past maktabga boshqa tumandan borgan malakali o‘qituvchi uchun 50 foiz ustama, boshqa viloyatdan kelganiga esa 100 foiz ustama berish ko‘zda tutilyapti.

Bitiruvchilarining birontasi ham oliy ta’lim muassasasi (OTM)ga kirmagan maktablarda uzoq vaqt ishlagan rahbarlarni lavozimdan olish bo‘yicha choralar boshlangani sabab ushbu maktablar jamoasi harakatga tushib, bir yil ichida bunday maktablar soni 3 barobar kamaydi.

“Buyog‘iga o‘quvchilar bitirishiga atigi yarim yil qoldi. Shuning uchun ushbu grafikda ko‘rsatilgan to‘q qizil rangdagi (0 foiz) va qizil rangdagi (10 foizgacha ko‘rsatkichga ega) maktablar uchun bu yil juda katta sinov yili bo‘ladi. Shuning uchun, ushbu maktablar jamoasi birlashib, natijaga harakat qilishi zarur. Avvalgidek, biz ketsak, o‘rnimizga o‘qituvchi topilmaydi, deyish xom xayoldan boshqa narsa emas.

Vazirlik, viloyat va tuman bo‘linmalari xodimlari ham bundan buyon faqat qizil (10 foizgacha ko‘rsatkichli) maktablarga borib, ulardagi ahvolni yaxshilash bo‘yicha ishlaydi. Yashil kategoriyadagi maktablarga umuman bormasa ham bo‘ladi, ularga xalaqit qilinmasa bo‘ldi asosiysi. Ularda yaxshi yosh kadrlar bo‘lsa, qizil kategoriyadagi maktablarning rahbar lavozimlariga tavsiya etish kerak, xolos. Shundagina ushbu yashil maktablardagi ijobiy muhit qizil maktablarga ham tezroq tarqaladi”, — deydi vazir.

Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, bu masala anchagina shov-shuv, xaypga aylanishi mumkin, chunki hech kim ishdan shundoq ketishni xohlamaydi.

“Maktabda o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya beradigan o‘qituvchilar ishlashi kerak, ularning faqat hurmatini oshirib, qo‘shimcha sharoit yaratishga harakat qilib boramiz. Aksincha, o‘z ustida ishlamaydigan, maktabga adashib kelib qolgan, avvalgi majburiy mehnat tizimida qandaydir saqlanib yurgan insonlarga internetda xayp ko‘tarishga harakat qilgandan ko‘ra, sekin maktabdan boshqa joydan ish topishni maslahat beramiz. Bundan buyog‘iga maktablar faqat natijaga harakat qiladi, o‘qituvchilar ham o‘z ustida ishlashlari zarur”, — degan u.

Shuningdek, vazir viloyatlarda bir stavkada bir necha o‘qituvchi ishlayotgan maktablar ko‘pligi, o‘qituvchilarning umumiy soni stavkalar sonidan 80 mingdan ortiqligini bildirib o‘tgan.

Manba: Daryo.uz

Ulashish: